18 yil kechirim so‘ramagan Men!Kuzning oxirgi kunlari. Boshliqning katta o‘g‘li bilan ish yuzasidan Yamagata prefekturasiga boradigan bo‘ldik. Ertalab 9:00 da Sendai shahridan
tez yurar pullik yo‘l — 高速道路 orqali Yamagataga yo‘l oldik.
Yo‘lda biz nima uchun Yamagataga borayotganimizni tushuntirib berdi. Aytishicha, Yamagata shaharidagi mijozlardan biriga yetkazib berilgan tovarda kamchilik chiqqan va buni eshitgan akamiz kechirim so‘rash uchun ataylab o‘zi borayotganini aytdi.
Yaponiyada agar mijozni ranjitib qo‘ygan bo‘lsangiz, atayin borib kechirim so‘rash bu yapon biznesining temir qoidasi hisoblanishini tushuntirib berdi.
Chamasi 2 soatda Yamagata shahri markazida joylashgan mijozning ofisiga yetib bordik. Boshliqning o‘g‘li juda jiddiy yuz bilan mijoz ofisiga kirib ketdi. 1 soatdan keyin qaytib chiqdi. Kechirim so‘raganidan keyin mijoz yana birga ishlashga rozi bo‘lganini, lekin bunday xato boshqa qaytarilmasligi uchun kompaniya ichini isloh qilish talabini qo‘yganini aytdi.
Qaytishda telefonim puli tugagan edi, Docomo-shopga pulini to‘lashga to‘xtadik. Telefon meni nomimga emas edi, shuning uchun men tashqarida qarab turdim. 20 daqiqalardan keyin chiqib kelgan akamizning yuzidan qor yog‘ilar edi.
Yaponlar bilan pul masalasida hech ham oldi-berdi qilmaganman. Chiqib kela turib mendan juda ranjiganini aytdi. Aytishicha, mening 1 oylik telefonim ishlagan summa juda qimmat bo‘lib ketgan va o‘zining har oylik telefon summasidan 4–5 barobar qimmat chiqqan ekan.
Mendan:
“Nega buncha ko‘p xarajat bo‘ldi? Kimga va nima maqsadda buncha qo‘ng‘iroq qilding?”
— deb so‘radi.
O‘sha vaqtdagi men Yaponiyada telefon buncha qimmat ekanligini, chet elga telefon qilish katta pul turishini umuman bilmas edim. Yaponiyaga borganimdan keyin yosh bo‘lganim uchunmi, tez-tez uyni sog‘inar, ayniqsa oyimga ko‘proq telefon qilar edim.
Men:
“Uydagilarni sog‘ingan edim. Shuning uchun har kuni telefon qildim,”
— deb javob berdim.
U esa:
“Men ham 2 yil Avstraliyada o‘qiganman, lekin har bir xarajatimni o‘ylab ishlatar edim. Seni bunday qilmishingni umuman tushunish qiyin! Uning ustiga bir og‘iz ham uzr so‘ramayapsan? Hozir bitta xatomiz uchun Yamagataga borib keldik, seni qanday tushunsa bo‘ladi?” — dedi.
O‘sha vaqtdagi men 18 ga kirgan bo‘lsam-da, umrimda hech kimdan kechirim so‘ramagan, o‘zimcha juda “g‘ururli” o‘zbek yigiti edim. Mening nafaqat yapon tili so‘z boyligimda, balki o‘zbek lug‘atimda ham “Kechirasiz, Uzr, Ma’zur tutasiz” so‘zlari yo‘q edi.
Yoshligimdan kichkina farzand bo‘lganim uchun oilada erka edim va ko‘chada har qanday kishidan, hatto men aybdor bo‘lsam-da himoya qiladigan akam borligi uchun ushbu so‘zlarni ishlatishga majbur bo‘lmaganman.
Ushbu voqea meni o‘z xatom haqida o‘ylashga, Yaponlar qancha mehribon bo‘lishmasin “Meni tog‘am” emasligini tushunishga turtki bo‘ldi.
Men o‘sha kuni o‘z xatomni tan olib, umrimda birinchi marta:
“Meni kechiring. Bundan keyin ehtiyot bo‘laman,”
— deb kechirim so‘radim.
Kechirim so‘raganim meni Yapon jamiyatiga yana bir qadam yaqinlashtirdi. Chunki Yapon jamiyati sizga qanday inson bo‘lish tanlovini har doim qoldiradi. Siz hozirgi o‘zingiz qanday bo‘lsangiz, shunday davom etishingiz yoki o‘zingiz qilgan ishlarni tahlil qilib, xatolaringizni to‘g‘rilashga imkon beradi.
O‘z xatosini tan olish — har doim, avvalo, kishi o‘zini aldamasligi — Yapon jamiyati va insoniy munosabatlarning negizidir.
Siz ham Yaponiyada kechirim so‘rashga majbur bo‘lgan holatlar bo‘lganmi?
Kechirim so‘rash yoki so‘ramaslik haqida ichki tuyg‘ularingiz urushganmi?
Siz o‘z xatongizni tan olib oldinga ketishga harakat qildingizmi? Yoki g‘urur, obro‘y deb kechirim so‘ramadingizmi?
Biz o‘zbeklar yoshligimizdan bosh egmaslikka o‘rgatilganmiz. Albatta biz hech qachon bosh egmasligimiz, g‘ururimiz toptalishiga yo‘l qo‘yishimiz mumkin emas.
Lekin xato qilgan vaziyatda avvalambor uni tan olish, kechirim so‘rash va oldinga ketish — muvaffaqiyat kalitidir. Shunday inson albatta nafaqat yapon jamiyatida, balki har qanday jamiyatda ham hurmatga sazovor bo‘ladi.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook