Bugun Samarqandda amerikalik tadbirkorlar ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan anjumandan yana bir xulosa chiqadi: ingliz tilini bilish — bugungi kun talabi.
Yurtdoshlarimiz, ayniqsa, savdo-sotiq, xizmat ko‘rsatish va mehmonxona sohalarida ishlaydiganlar chet ellik mehmonlar bilan ingliz tilida erkin muloqot qila olishi muhim. Bu yil Gruziyaga borganimda oddiy ofitsiantning ham ingliz tilida bemalol gaplashayotganiga guvoh bo‘ldim.
O‘zbekistonda esa qariyb 30 yildan beri ingliz tilini o‘rgatishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shunga qaramay, ko‘plab xizmat ko‘rsatish joylarida ingliz tilida erkin muloqot qila oladigan xodimlarni uchratish qiyin. Eng achinarlisi, ayrim ingliz tili ustozlarimizning o‘zlari ham bu tilda bemalol suhbatlasha olmaydi.
Xo‘sh, muammo nimada? Ingliz tilini o‘rgatish usullaridami, amaliyot yetishmasligidami yoki til o‘rganishga bo‘lgan yondashuvimizdami? Sizningcha, bu vaziyatni o‘zgartirish uchun nimalar qilish kerak?