Abu Sa'iyd roziyallohu anhu: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirgan edilar, birdan ansorlardan Abu Umoma deb ataladigan kishini ko‘rib qoldilar. Shunda u zot: «Ey Abu Umoma! Masjidda namoz vaqtidan boshqa vaqtda o‘tirganingni ko‘ryapmanmi?» dedilar. «Meni g‘amlar va qarzlar bosdi, ey Allohning Rasuli!», dedi. «Senga agar aytsang, Alloh g‘amlaringni ketkazadigan va qarzlaringni uzadigan kalimalarni o‘rgatib qo‘yaymi?» dedilar. «Ha, ey Allohning Rasuli!» dedi. «Tong ottirsang va kech kirtirsang «Allohumma! Innii a'uuzu bika minal hammi val hazani va a'uuzu bika minal ajzi val kasali va a'uuzu bika minal jubni val buxli va a'uuzu bika min g‘olabatid-dayni va qohrir rijali» degin», dedilar. O‘shandoq qilgan edim, Alloh g‘amlarimni ketkazdi va qarzlarimni uzdi». Abu Dovud rivoyat qilgan. Sharh: Duoning ma'nosi: «Allohim! Sendan g‘am bosishidan, mahzunlikdan panoh so‘rayman. Ojizlikdan, dangasalikdan panoh so‘rayman. Qo‘rqoqlikdan, baxillikdan panoh so‘rayman. Qarzga botishdan va odamlarning g‘olib kelishidan panoh so‘rayman». Kim ushbu duoni niyat va ixlos bilan ertalab va kechqurun o‘qib yursa, Alloh taolo unga qarzini uzishda yordam beradi. Hadis va Hayot , 35-juz