O‘zbekistonda universitetlar soni 200 tadan oshdi.
Xo‘sh, shunday bo‘lsa ham oliy ta’lim olish uchun chet elga chiqish kerakmi?
Ko‘p ota-onalar farzandining O‘zbekistondagi universitetda o‘qishini xohlashadi. Buning bir nechta asosli sabablari bor.
Birinchidan, farzand ota-onaga yaqin bo‘ladi — xavotir kamroq.
Ikkinchidan, ta’lim nisbatan arzon.
Uchinchidan, “bitirgandan keyin ish aniq bo‘ladi” degan ishonch bor.
Chunki sovet davrida va mustaqillikning ilk yillarida universitetlar juda kam edi. O‘sha paytda universitet bitirganlarning aksariyati yaxshi daromadli ish bilan ta’minlangan. Hozir vaziyat boshqacha.
Lekin bir haqiqatni tan olish kerak.
O‘zbekiston ham asta-sekin dunyodagi boshqa davlatlar kabi oddiy (normal) davlatga aylanib bormoqda. Ya’ni, universitetga kirish — alohida tanlanganlar emas, oddiy odamlar qiladigan odatiy jarayonga aylanmoqda.
Masalan, Yaponiyada 700 dan ortiq universitet bor. Tabiiyki, bu universitetga kirishni osonlashtiradi.
Muammo boshqa joyda.
Siz qaysi universitetda o‘qiyapsiz?
Bugun ko‘p uy vazifalarini AI orqali qilish mumkin. O‘qituvchidan olinadigan bilim ham avvalgidek yagona manba emas. Shunday sharoitda savol tug‘iladi:
Unda universitetda o‘qishning foydasi nimada?
Mening nazarimda, universitetning asosiy afzalliklari quyidagilar:
• Universitet — katta hayotga birinchi qadam.
Maktabda ota-ona bag‘rida, ma’lum bir “himoya zonasi-SHELTER”da bo‘lamiz. Universitet esa shu zonadan chiqishdir.
• Universitet — jamiyatni o‘rganish joyi.
Siz pul to‘laysiz. Endi majburiy ta’lim emas, siz mijozga aylanasiz.
• Universitet — networkingning boshlanishi.
Yangi do‘stlar, jamoalar, balki umr bo‘yi yoningizda qoladigan insonlar bilan tanishish.
• Universitet — bilimni hayotda sinab ko‘rish bosqichi.
Faqat bilish emas, ishlatish va natijasini ko‘rish.
Endi asosiy savol:
Universitetni O‘zbekistonda o‘qish kerakmi yoki chet elda?
Men shaxsan chet elda o‘qish tarafdoriman.
Sababi oddiy:
mustaqillik, intizom, vaqtni boshqarish, mas’uliyat.
Chet elda “muddatdan kechikdim”, “ChatGPT bilan qildim” degan bahonalar ishlamaydi. Tanishlar, iltimoslar bilan ishlar hal bo‘lmay qoladi — va bu sizni majburan o‘sishga majbur qiladi.
Albatta, O‘zbekistonda ham qattiq talab qiladigan universitetlar bor. Lekin ularni aniq topish va solishtirish kerak.
Yana bir muhim jihat.
Universitetni tugatganingizda siz odatda 22 yosh yoki undan katta bo‘lasiz.
Kimdir ishga kiradi, kimdir oila quradi. Yoshlik davri cheklanadi.
Shuning uchun universitetdan keyin 100% risk bilan yangi yo‘l boshlash uchun vaqt kamroq bo‘ladi.
Xulosa shuki:
har birimiz o‘z hayotiy maqsadimizga qarab yo‘l tanlashimiz kerak. Har bir tanlov kelajakda katta burilishlarga olib keladi.
Hammaga omad.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook