#Farzandimga
Senga kirgan tikondan,
Og‘riydi mening tanam.
Boshqa kasal tegsayam,
Kibrdan saqlan, bolam.
Zulmatdagi nurlarga,
Chig‘anoqda durlarga,
O‘xshay desang hurlarga,
Kibrdan saqlan, bolam.
Qalbdagi donday kibr,
Jannatdan to‘sar axir,
Bilib o‘zingni faqir,
Kibrdan saqlan, bolam.
Sajda qilmay insonga,
Qarshi borib Rahmonga,
Shayton tushdi tug‘yonga,
Kibrdan saqlan, bolam.
Kimlar molu davlatdan,
Kimlar kuchu quvvatdan,
Har kim tushar mansabdan,
Kibrdan saqlan, bolam.
Yer ostida yotganlar,
Ibrat bo‘lsin o‘tganlar,
Haq elchisi aytganlar:
Kibrdan saqlan, bolam.
O‘stiryapman avaylab,
Go‘yo jonimga boylab,
Aytayapman ataylab:
Kibrdan saqlan, bolam.
Alloh yagona Kabir,
Ahli jannatmish xaqir,
Qilaver uni zikr,
Kibrdan saqlan, bolam.
Ko‘prik bo‘lgin bossalar,
Goh arzonga sotsalar,
Xafa bo‘lma otsalar,
Kibrdan saqlan, bolam.
Odamdek yuray desang,
Otamdek bo‘lay desang,
Xotirjam o‘lay desang,
Kibrdan saqlan, bolam.
Boshi egik guldek bo‘l,
Itoatkor quldek bo‘l,
Hech bo‘lmasa....mendek bo‘l,
Kibrdan saqlan, bolam.
Ahli jannatmish xaqir...