Eng muhim davr: 9–15 yosh — “critical period”

Kitob do‘konlarida “Uchdan keyin kech” degan mazmundagi kitoblar juda ko‘p sotiladi.
Lekin men hozir o‘qiyotgan, 1989-yilda yozilgan “Ijtimoiy psixologiya” (社会心理学) kitobida insonning o‘zligi (identity) shakllanadigan eng muhim yosh 9–15 yosh oralig‘i ekanligi aytiladi.
Aynan shu davr critical period hisoblanadi.

Ichki madaniyat qaysi yoshda rivojlanadi?

O‘rdak — tug‘ilgandan keyin 5–24 soat ichida

Mushuk — tug‘ilgandan 2–3 hafta va 17–18 haftalar oralig‘ida

Inson — 9–15 yosh oralig‘ida


Yosh va madaniyat o‘zlashtirish

9–11 yosh oralig‘ida chet elda o‘sgan bola chet el madaniyati bilan o‘zining asl madaniyati orasida qolib ketadi.
Qaysi madaniyatga tegishli ekanini aniqlash qiyin kechadi.
Bu yoshda bola boshqa madaniyatni nisbatan muammosiz qabul qiladi, lekin farqlarni tushuntirib bera olmaydi.

11–14 yosh oralig‘ida chet el madaniyatini qabul qiladi, ammo o‘zining asl madaniyatini tezda unutib yubormaydi.
O‘zligini yo‘qotishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.

14–15 yoshda chet elga chiqqan bolada o‘z madaniyati allaqachon shakllangan bo‘ladi.
U boshqa madaniyatni tezda qabul qila olmaydi, lekin majbur bo‘lsa moslasha oladi.
Bunday holatda ham u o‘zligini saqlab qoladi va ikki madaniyatlilik (bicultural) rivojlanadi.

Til va madaniyat masalasi

Chet tilini o‘rganish uchun odatda 3–4 yil vaqt ketadi.
Lekin chet til bilan birga chet madaniyat, muloqot uslubi va insoniy munosabatlarni to‘liq o‘rganish uchun kamida 6 yil kerak bo‘ladi.

Shu sababli chet elda 2–3 yil yashagan kishidan juda katta natija kutish — erta.

Xulosa

9–15 yosh — bu insonning muloqoti, ichki madaniyati va o‘zligi shakllanadigan eng muhim davr.
Ya’ni bu davr — critical period.

Nima demoqchiman?

Mening holatimda 9–15 yoshlar O‘zbekistonda, ota-onam bag‘rida o‘tgan.
15 yoshdan yapon tilini o‘rgana boshlaganim sababli yaponlarning dunyoqarashi va madaniyatini qabul qilishim oson bo‘ldi, lekin o‘z o‘zligimni saqlab qola oldim, deb o‘ylayman.

Bu maqolani o‘qiyotgan siz hozir 15–20 yosh atrofida bo‘lishingiz mumkin.
Yoki aksincha, farzandlaringiz ayni paytda 9–15 yosh oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Yaponiyada yashayotgan ko‘plab akalarimiz:
“Farzandim maktabga chiqguncha, ya’ni 6 yoshgacha O‘zbekistonga qaytaman” deyishadi.

Ammo bugun bildikki, o‘zlik va ichki madaniyat aynan 9–15 yosh oralig‘ida rivojlanadi.
Shuning uchun qaror qabul qilayotganda yosh va ichki madaniyat rivojlanishi o‘rtasidagi parallellikni inobatga olish juda muhim.

Hammaga omad!

🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook

Comments

Be the first to add a comment