Son Masayoshi yana tarixiy yaratmoqda. Dunyoga mashhur SoftBank investitsiya kompaniyasining bozor qiymati (時価総額) tarixdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi va Yaponiyada Toyota Kompaniyadan ham yuqori bo'ldi! Ammo kompaniya rahbari Masayoshi Son bu muvaffaqiyat fonida juda qiziqarli va chuqur ma'noli qadam tashladi.

U Parijda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yapon tilidagi mashhur bir hikmatni eslatib o‘tdi:

「一喜一憂できない」
(O'qilishi: Ikki-ichiyu dekinai)

Bu nima degani?
Yaponchada "一喜一憂" iborasi har bir kichik g‘alabadan haddan tashqari quvonib (一喜), har bir kichik mag‘lubiyatdan esa darhol tushkunlikka tushishni (一憂) anglatadi. Son sanning gapi esa: "Biz hozir kichik tebranishlar yoki vaqtinchalik muvaffaqiyatlar bilan bir xursand bo‘lib, bir xafa bo‘lib o‘tiradigan vaziyatda emasmiz!" degan ma'noni beradi.

Parijdagi uchrashuv va kelajak rejalari

Xo‘sh, Son san nega bunday dedi? Chunki uning rejalari tasavvurimizdan ancha kengroq.

Yaqindagina u Parijda, Yelisey saroyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashdi. SoftBank Fransiyada sun’iy intellekt (AI) uchun ulkan ma’lumotlar markazlarini (Data Centers) qurish maqsadida 75 milliard yevrogacha (taxminan 14 trillion iyena!) ulkan investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuv imzoladi.

Son sanning ta’kidlashicha, hozirgi AI inqilobi internet asri boshlangan davrdagidan (Dot-com boom) kamida 50 barobar yirikroq va qudratliroq bo‘ladi. U "keyingi 1000 yillik tamaddunni yaratadigan" loyihalar ustida ishlamoqda. Shunday ulkan marra turganda, bugungi aksiyalar narxining biroz ko‘tarilishi yoki tushishiga chalg‘ib o‘tirishga shunchaki vaqt yo‘q!

Biz uchun eng katta dars: Atrofga qaramay, o'z yo'lida qatiiy turish (ブレない - Burenai)

Meni eng ko‘p hayratlantirgan va sizlar bilan bo‘lishmoqchi bo‘lgan asosiy xulosam aynan shu yerda:

Yomonlashsa ham, maqtashsa ham tebranmang (Burenai):
Hayotda siz qandaydir yangi ish boshlasangiz yoki o'z yo'lingizdan ketsangiz, atrofdagilar sizni tanqid qilishi, ortingizdan yomonlashi yoki aksincha, erishgan kichik bir natijangiz uchun ko‘kka ko‘tarib maqtashi mumkin.
Lekin bularning barchasi — shunchaki o'tkinchi shovqin. Agar siz birovning yomonlashidan tushkunlikka tushib, maqtaganida esa havolanib ketsangiz, demak hali o‘z yo‘lingizni mustahkam topmabsiz.

O‘zingiz to‘g‘ri deb bilgan yo‘lni tanlang:
Haqiqiy lider va muvaffaqiyatli insonlar faqat o'zlari ishongan, to'g'ri deb bilgan maqsad sari boradilar. Hatto butun dunyo sizga qarshi bo'lsa ham, ichki ovozingiz va tahlilingiz sizga yo'l ko'rsatib turishi kerak.

Mening xulosam:
Odamlar gapiradi. Ularni eshiting. Rahmat ayting. Muhimi — mayda gap-so‘zlarga, tanqid va maqtovlarga chalg‘imang. O'z ichki ovozingizni eshiting. Mana shu to'g'ri yo'nalish. Bugun har bir o'zbek yoshi 「一喜一憂できない」. Hali qiladigan ishlarimiz juda ko'p.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook

Comments

Be the first to add a comment