Kecha savoblarni ko‘paytirish payida yurardim, bugun ko‘p gunoh qilmaslikka harakat qilayapman. Kecha har narsaning eng yaxshilarini olardim, bugun boriga qanoat qilishni o‘rgandim. Kecha tengqurlarim bilan ko‘proq suhbat qilardim, bugun keksalarni tinglagim keladi. Kecha yuz yillar yashaydigan odamdek yurardim, bugun umrimning so‘nggi kunlari o‘tayotgandek tuyuladi. Kecha nasihat qilaverardim, bugun ibrat bo‘lishga intilaman. Kecha ko‘plarni tanqid qilardim, bugun o‘shalarni rag‘batlantiradigan bo‘lganman. Kecha ko‘p bilishga qiziqardim, bugun boriga amal qilishga urinayapman. Kecha ko‘ngillarni qoldirishdan og‘rinmasdim, bugun ko‘ngillarni ololmayotganimdan siqilaman. Kecha xato qilishsa jazolardim, bugun tuzatishlariga imkon bergim keladi. Kecha birovning joniga tegib hazil qilishga rag‘batim bor edi, bugun birovning sha'ni to‘kiladigan hazillardan nafratlanaman. Kecha insonlarga ishonardim, bugun yuragimni faqat Rahmonga ochaman. Kecha meni unutganlarni eslab o‘kinardim, bugun meni eslab yashaydiganlarniyam unutib qo‘yayotgandekman. Kecha bo‘sh vaqtimda qiladigan ishlarning rejasini qilardim, bugun rejadagi ishlarimni qilish uchun vaqt qidiraman. Kecha olimlarning ilmiga havas qilardim, bugun taqvodorlarning amaliga maftunman. Kecha Allohdan so‘rayverardim, bugun Alloh oldida so‘ralishim borligini o‘ylayman. Kecha sog‘inib yashashni bilardim, bugun sog‘intirib uzoqlashadigan bo‘lganman. Kecha bilganlarimni boshqalarga o‘rgansin deb uzatardim, bugun boshqalardan nima o‘rgansam bo‘ladi deb kuzataman. Kecha ranjitishsa o‘zim hisob- kitob qilib olardim, bugun hammasini Haqqa topshirib ketaveraman. Kecha ko‘zlarimga Kabani ko‘rmoq orzusi tinchlik bermasdi, bugun ko‘nglimga Kabani qurishni duoda so‘rayapman. Kecha yashashim kerakligini bilardim, bugun o‘lim muqarrarligini anglaganman...
Kecha mening vaziyatimni tushunishmasa jahlim chiqardi. Bugun ularning tushunmasligi mening xatoyim emas ularniki ekanligini angladim va xotirjam bòlib ketaveraman