Yaqinda Yaponiyada yashovchi Xitoy fuqarosi Son Ei ismli kishidan menga xabar keldi.
“Yaponiyadagi O‘zbekistonliklar jamiyati haqida tadqiqot qilmoqchiman,” deb murojaat qildi.
Bugun online uchrashib, undan bir narsani so‘radim:
“Nima sababdan O‘zbekistonga qiziqib qoldingiz?”
Javobi meni hayron qoldirdi.
U shunday dedi:
“Uyim yaqinidagi konbinida (24 soatlik do‘kon) O‘zbekistonlik yigit ishlaydi. Yapon tilini juda yaxshi biladi. Muomalasi ham juda professional. Men ichimda: ‘Bu inson kim o‘zi, qayerdan kelgan, millati nima?’ deb qiziqib qoldim.
Keyin asta-sekin O‘zbekiston haqida o‘rganishni boshladim. Oxiri esa hozirgi ishimni tashlab, magistraturaga kirib, O‘zbekistonni tadqiq qilishga qaror qildim.”
Bu gapni eshitib, men Yaponiyaga ilk borgan vaqtlarimni esladim.
O‘sha paytda kattalar bizga ko‘p aytardi:
“Chet elga chiqqan har bir O‘zbekistonlik — diplomat va elchi.”
O‘sha paytda bu gapning ma’nosini to‘liq tushunmagan bo‘lishim mumkin.
Lekin bugun yana bir marta his qildim:
Ba’zida oddiy ko‘ringan harakatlar juda katta ta’sir qiladi.
Kimdir konbinida ishlaydi.
Kimdir restoranda.
Kimdir universitetda o‘qiydi.
Lekin uning muomalasi, odobi va ishlashi boshqa insonning hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Bir insondagi qiziqish keyinchalik:
— tadqiqotga
— yangi aloqalarga
— hatto bir necha davlatlar o‘rtasidagi ko‘prikka
aylanishi mumkin.
Shuning uchun men bir narsaga ishonaman:
Chet elda yashayotgan har bir insonning harakati muhim.
Biz faqat o‘zimiz uchun yashamaymiz.
Ba’zida o‘zimiz bilmagan holda, xalqimiz haqidagi tasavvurni ham shakllantiramiz.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook