2010-yil 2-iyul kuni, bundan roppa-rosa 16 yil oldin, Yaponiyaga talaba sifatida yo‘l oldim. Men bilan birga qishlog‘imizdan yana uch nafar yigit bor edi. Jami to‘rt kishi edik. Men 18 yoshda, do‘stlarim esa 17, 19 va 21 yoshda edi. Hammamiz hayajon va orzularga to‘la edik.

Narita aeroportiga qo‘ndik. Bizni Yaponiyadagi akamiz va keyinchalik Yaponiya bo‘yicha ustozimiz bo‘ladigan inson kutib oldilar. Narita aeroportidan to‘g‘ri Tokyoga yo‘l olish uchun poyezdga mindik. Ichimiz quvonchga to‘lib, hayajonimizni zo‘rg‘a bosib turgan paytimizda akamiz bizga Yaponiya qanday davlat ekanligi, yaponlar qanday xalq ekanligi haqida birma-bir gapirib berdilar.

Naritadan Tokyogacha poyezdda taxminan bir yarim soat yo‘l yuriladi. Biz esa butun yo‘l davomida qulog‘imizni ding qilib, diqqat bilan tingladik.

O‘sha kuni keyinchalik Yaponiyadagi butun hayotim davomida hech qachon unutmaydigan bir gapni eshitdim.

"Mana bu bo‘yin, qancha egilsa ham, hech qachon sinmaydi. Agar sizlar Yaponiyada biror narsaga erishmoqchi bo‘lsangiz, avvalo yapon xalqi bilan mustahkam munosabat o‘rnatishingiz kerak. Mustahkam munosabat esa yapon xalqini hurmat qilishdan boshlanadi. Sizlar hali juda ko‘p xato qilasizlar. Har bir xatongizni to‘g‘rilab, kuchli mutaxassis bo‘lib yetishishingiz uchun bo‘yin egishdan uyalmang."

Haqiqatan ham, yapon tili maktabida o‘qiganimda ham, soatbay ishlaganimda ham, universitetda ham, keyinchalik kompaniyaga ishga kirganimda ham bilmagan barcha bilim va ko‘nikmalarni: "Ta'zim qilaman, iltimos, menga o‘rgating," degan munosabat bilan o‘zimga singdirib bordim.

Yaponcha ta'zim qilish bizning madaniyatimizda hamma tomonidan birdek qabul qilinmasligi mumkin. Ammo siz chekka bir qishloqdan chiqqan bo‘lsangiz, yuragingizda katta orzular va ulkan maqsadlar bo‘lsa, lekin hali yetarli bilimingiz ham, kuchli tanishlaringiz ham bo‘lmasa, sizning eng katta hamrohingiz kamtarlik va hurmat bo‘ladi. Men uchun bu ta'zimda namoyon bo‘lgan.

Gap 15, 45, 90 yoki 180 darajali ta'zimni mukammal bajarishda emas. To'g'risi men ham jaa chiroyli ta'zim qilishni hozir ham bilmayman. Gap yurakda. Gap har bir munosabatingiz chin dildan chiqishida.

Men bundan 16 yil oldin hayotimning yangi sahifasini ochgan edim.

Bugun siz eshitgan bitta so‘z ham ertaga butun hayotingizni o‘zgartirishi yoki umringiz davomida qalbingizga muhrlanib qolishi mumkin. Men bunga chin dildan ishonaman.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook

Comments

Be the first to add a comment