Yaponiyada kompaniya xodimi bo‘lib ishlagan yillarimda, yangi moliyaviy yil boshlanishi bilan boshqarmamiz rahbari almashadigan bo‘ldi.
Yangi rahbar boshqa biznes yo‘nalishidan bizning boshqarmaga o‘tayotgan edi.
Bizning bo‘limimizda esa uni deyarli hech kim tanimasdi.
“Qanday inson ekan?”
“Qattiqqo‘l rahbar emasmikan?”
“Endi ishxonadagi muhit qanday o‘zgaradi?”
Hamma biroz hayajon va xavotir bilan yangi rahbarning kelishini kutardi.
Va nihoyat, u ish boshladi.
Uning bizga aytgan dastlabki gaplaridan biri haligacha yodimda: 「仕事は仲良しクラブじゃない。」Ya’ni:
“Ishxona jo‘ra-og‘aynichilik qiladigan joy emas. Bu yer— mas’uliyat va natija talab qiladigan joy”.
Birinchi marta eshitganimda, bu gap menga ancha qattiq tuyulgan edi.
Ammo yillar davomida ishlaganim sari, bu so‘zlarning asl ma’nosini yaxshiroq tushuna boshladim.
Albatta, ishxonada yaxshi munosabatlar bo‘lishi juda muhim. Bir-birimizni hurmat qilishimiz, yordam berishimiz va sog‘lom muhitda ishlashimiz kerak.
Lekin buning o‘zi yetarli emas.
Har qanday kompaniya yoki tashkilotning erishishi kerak bo‘lgan maqsadi bor. Har bir xodimning o‘z vazifasi va shu vazifaga yarasha mas’uliyati bor.
Yaxshi munosabatni buzmaslik yoki birovga yoqmay qolmaslik uchun muammoni aytmaslik.
Qattiqroq gapirish kerak bo‘lgan vaziyatda jim qolish.
Xato bo‘lsa ham, “mayli-da” deb o‘tib ketish.
Ish natijasidan ko‘ra, insoniy munosabatlarni buzmaslikni muhimroq deb bilish.
Agar bu holat davom etaversa, tashkilot asta-sekin zaiflashadi va oxir-oqibat jiddiy muammolarga duch keladi.
Boshqa tomondan, ish yuzasidan fikrimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmagani uchun o‘sha insonni yomon ko‘rishimiz ham shart emas.
“Men bu ish usuliga qo‘shilmayman.”
“Bu joyini yaxshilashimiz kerak.”
“Bu natija yetarli emas.”
Shunday gaplarni bir-birimizga ochiq va to‘g‘ri ayta olishimiz — aslida sog‘lom professional munosabatning belgisi.
O‘zbekistonda ham insoniy munosabatlar, yoshi kattalarni hurmat qilish va atrofdagilar bilan yaxshi aloqalarni saqlashga katta ahamiyat beriladi. Bu jihatdan Yaponiya bilan o‘xshash tomonlarimiz bor va ish joylarida ham shunga o‘xshash muammolarni uchratish mumkin.
Menimcha, o‘sha rahbarning “Ishxona — jo‘ra-og’aynilar klubi emas” degan gapidan maqsadi:
“Hamkasblaring bilan yaxshi munosabatda bo‘lma”,
degan fikr emas edi.
Aksincha, u:
Yaxshi munosabat bilan ishdagi mas’uliyatni aralashtirmang,
demoqchi edi.
Ishda ba’zan qiyin qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi.
Ba’zan birovning xatosini ko‘rsatish kerak bo‘ladi.
Ba’zan esa bizning o‘zimizga kamchiligimizni aytishadi.
Bu tabiiy.
Muhimi, shunday vaziyatlarda ham tashkilot sifatida oldimizga qo‘ygan maqsad sari harakat qilishda davom etishimiz kerak.
O‘ylab qarasak, bu juda oddiy haqiqat.
Biz uyda o‘zimiz uchun eng qadrli insonlarimizni — oilamizni qoldirib, hayotimizning eng qimmatli vaqtining katta qismini ishxonada o‘tkazmoqdamiz.
Shunday ekan, bu vaqtni arzimas kelishmovchiliklar, ranjishlar va shaxsiy hissiyotlarga sarflashga haqqimiz yo‘q.
Kim meni yaxshi ko‘radi?
Kim meni yoqtirmaydi?
Kim mening fikrimga qo‘shildi?
Kim qarshi chiqdi?
Bunday narsalarga ortiqcha e’tibor berish o‘rniga,
“Biz nima uchun bu yerda birga ishlayapmiz?”
degan savolni unutmasligimiz kerak.
Ammo odamlar uzoq vaqt birga ishlagani sari, ba’zan aynan shu oddiy haqiqat esdan chiqib qoladi.
Yaxshi munosabatni saqlashning o‘zi maqsadga aylanadi. Asosiy maqsad — ishning natijasi esa ikkinchi o‘ringa tushib qoladi.
Shuning uchun men haligacha ba’zan o‘sha rahbarning gapini eslayman:
“Ish — jo‘ra-og‘aynilar klubi emas.”
Bir qarashda sovuq eshitilishi mumkin.
Ammo menimcha, bu gapning tagida insoniy munosabatlarni inkor qilish emas, aksincha, ancha chuqurroq ma’no bor edi:
“Hamkasb ekanmiz, bir-birimiz oldida mas’uliyatli bo‘laylik.”
“Aytish kerak bo‘lgan gapni bir-birimizga ochiq ayta olaylik.”
“Va bir maqsad sari harakat qilib, yolg‘iz odam qila olmaydigan katta natijalarni birgalikda jamoa bo‘lib yarataylik.”
Bugun men o‘sha gapning ma’nosini o‘sha paytdagidan ko‘ra ancha yaxshi tushunaman.
 
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook

1 comment

Bundan Asosiy Maqsad Senzuraga yo'l qo'ymaslik .Senzura bo'lmagan joylarda Rivojlanish kuchli bo'ladi .Hamma O'z erkin fikrini ayta olishi U kishini hamma eshitadi degan tassavur uyg'onadi .Kelajakdagi ishiga turtki beradi .Bizda Tanqidlarga Senzura kuchli bo'lgani uchun ,Menimcha ko'p kuchli kadrlar O'zlarini Erkin his qilish uchun Chet el kompaniyalarda ishlashni tanlashmoqda .