Senbetsu pulini nima uchun ishlatganim yaxshi?Yaponiyaga borganimga ham ancha vaqt bo‘lib qolgandi. Bo‘sh vaqtlarimda ishxonadagi qog‘ozlarni qayta ishlash bo‘limida ishlayotgan ikki xodimga yordam berishni xohladim. Jamoaning vazifasi qog‘ozlarni kesishda chiqadigan chiqindilar va kartonlarni rangi, qog‘oz qalinligi, karton va boshqa turlariga qarab alohida-alohida ajratish edi.
Bu men uchun yapon qog‘oz biznesini ichidan o‘rganish uchun ham juda yaxshi imkoniyat bo‘ldi.
Bir kuni kechqurun boshliq meni o‘z xonasiga chaqirdi. U Yaponiyadagi hayotim, Sendai shahrida kunlarim qanday o‘tayotgani haqida anchagina so‘radi. Suhbatimiz oxirida boshliq qo‘limga oq konvert tutqazdi.
“Bu nima?” deb so‘radim.
“Buni yapon tilida Senbetsu (餞別) deydi. Oxirgi paytlarda qarasam, sen kompaniyamiz haqida juda yaxshi o‘rganayapsan. Yaxshi savollar berayotganingni, chin dildan qiziqayotganingni eshitdim. Shuning uchun buni senga berishga qaror qildim,” dedi.
U
Senbetsu — tanish odam biror joyga ketayotganida minnatdorchilik va qo‘llab-quvvatlash sifatida beriladigan pul ekanini tushuntirib berdi.
Konvertni ochib qaradim. Ichida 30 000 yena bor edi. 2009-yilgi kurs bo‘yicha hisoblaganda bu taxminan 400 dollarga yaqin edi. Juda hayron bo‘ldim.
“
Bu katta pul ekan. Sizningcha, bu pulni nimaga ishlatsam yaxshi bo‘ladi?” deb so‘radim.
Boshliq jilmayib dedi:
“
Men sening yoshingda bo‘lganimda otamdan juda yaxshi maslahat olganman. Otam har doim: ‘Avvalo o‘zingga investitsiya qil. Sog‘lig‘ingga, bilimingga sarfla,’ der edi. Yaponiyaga kelganingga ham ikki oydan oshdi. Sen hozircha faqat Miyagi va Yamagata prefekturalarida bo‘lding. Yaponiyaning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi bo‘lgan Tokyoni ko‘rishingni xohlardim. O‘ylaymanki, Tokyoda seni xursand qiladigan ko‘p narsalarni ko‘rasan.”Ertasi kuni Sendai markaziy vokzalidan yakobasu — kechki avtobusga chipta oldik va men hayajon ichida Tokyoga yo‘l oldim.
Tokyoga yetib kelishim va dunyodagi eng katta, eng gavjum shaharlardan birini ko‘rish meni juda to‘lqinlantirdi. O‘ylaymanki, har bir vatandoshimiz Tokyoga birinchi marta kelganda shunday hissiyotlarni boshdan kechiradi.
Aynan shu safar keyinchalik Yaponiyaga talaba sifatida qaytishimga qaror qilishimda katta turtki bo‘ldi. Boshliqdan olgan 30 000 yena mening kelajagim uchun sarflandi.
Shu kundan boshlab bitta muhim narsani tushundim: inson o‘ziga investitsiya qilish masalasida hech qachon ikkilanmasligi kerak.
Ushbu maqolani o‘qiyotgan siz ham jamg‘armangizni yoki ishlab topgan pulingizni nimaga sarflash haqida jiddiy savollarga duch kelayotgandirsiz. Pulni o‘z kelajagingiz uchun ishlatish — bu eng to‘g‘ri va eng kuchli investitsiyadir.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook