Yaponiyada topgan birinchi ish tajribam.
Yaponiyaga kelgan paytimdagi asosiy maqsadim juda aniq edi:
Yaponiyaning eng kuchli universitetlaridan biriga kirish.
Yaponiyaga kelishdan oldin JLPT N2 sertifikatini olgan edim. Yapon til maktabidagi o‘qishlarim ham yaxshi ketayotgan edi. Darslar barqaror davom etardi.
Bir vaqtning o‘zida vaqtim ham paydo bo‘ldi.
Shunda men ikki sabab bilan arubaito (yarim stavkali ish) topishga qaror qildim:
Yapon jamiyatini ichidan o‘rganish
Ozgina bo‘lsa ham o‘zim pul ishlash
Bu taxminan 2010-yillar edi. O‘sha paytda 2008-yilgi global iqtisodiy inqirozning ta’siri hali ham bor edi. Ish topish oson emas edi.
Yana bir muammo bor edi.
O‘sha paytda Tokioda chet elliklarning arubaito qilishi hali juda odatiy hol emas edi.
Men stansiyalarda qo‘yiladigan Town Work jurnalidan rezume blankalarini kesib olib, restoranlar, konbini va boshqa joylarga telefon qila boshladim.
Har kuni 10 tadan ortiq joyga telefon qilardim.
Shunda ham zo‘rg‘a 1 ta joydan suhbatga chaqirishardi yoki yo'q.
Men uchun bu shunchaki ish emas edi.
Bu Yapon jamiyatida muvofaqiyatga erishish uchun birinchi sinov deb o‘ylardim.
Ammo natija juda og‘ir bo‘ldi.
3 oy davomida 30 dan ortiq suhbatdan o‘tdim.
Va hammasidan rad javobi oldim.
“Sen yapon tilini bilasan, Yaponiyada albatta muvaffaqiyatga erishasan,” degan ustozimning yuziga qanday qarayman degan o‘y meni ichimdan siqa boshladi.
Har bir suhbatga juda jiddiy tayyorlanardim.
Kostyum kiyaman.
Galstuk taqaman.
Savollarga juda muloyim va jiddiy javob beraman.
Lekin natija o‘zgarmas edi.
Bir kuni Kachidoki bekatidagi Denny’s restoraniga oshxona xodimi bo‘lish uchun suhbatga bordim.
O‘sha kuni ichimda bitta fikr bor edi:
“Baribir bu safar ham o‘tmayman.”
Shuning uchun bu safar kostyum ham kiymadim.
Ameyoko dan sotib olgan futbolka bilan suhbatga bordim.
Hech qanday tayyorgarlik ham qilmadim.
Uyimdan u yerga borish uchun 30 daqiqadan ko‘proq vaqt ketardi, shuning uchun ichimda:
“Sharoiti yaxshi bo‘lsa ishlayman,” degan xotirjam kayfiyat bor edi.
Men menejer bilan oddiy, erkin suhbatlashdim.
Qiziq tomoni shundaki, o‘sha Kachidoki Denny’s o‘sha paytda butun tarmoq ichida Top 5 savdoga ega eng band restoranlardan biri edi.
Menejer mening nima uchun Yaponiyaga kelganim, nega Yaponiyaga qiziqishim paydo bo‘lgani haqida juda qiziqib so‘radi.
Ish haqida esa deyarli gap bo‘lmadi.
Oxirida u birdan shunday dedi:
“Yaxshi. Sen qabul qilinding. Qachondan ishlay olasan?”
Men hayratda qoldim.
Chunki shu paytgacha har bir joyda bir xil gapni eshitgan edim:
“Natijani keyin telefon orqali aytamiz.”
Shunday qilib men Kachidoki Denny’s restoranida birinchi chet ellik oshxona xodimi sifatida ish boshladim.
Bu tajriba menga juda muhim saboq berdi.
Ba’zida biz nimanidir juda qattiq xohlaganimizda —
ish, universitet, yoki hayotdagi boshqa imkoniyatlar —
o‘zimizni haddan tashqari yaxshi ko‘rsatishga harakat qilamiz.
Natijada asl o‘zimizni unutib qo'yamiz.
O‘sha kundan boshlab men bir narsani tushundim:
Qanchalik xohlasam ham,
o‘z qadriyatlarimni unutmaslik.
To'g'ri bo‘lish.
Ochiq gapirish.
Xotirjamlikni saqlash.
Bu saboq keyingi barcha suhbatlarimda menga juda katta yordam berdi.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook
Agar Eslay Olsangiz Albatta 😁
Biz ham Xozir Yaponyadamiz Shunday Savolar Bizga ham berishyapti bazida Javob berishta Qiynalib Qolaman Maqsadmiz Bor Alhamdulillah lekin Bularni Tushuntirish Qiyin shunga Senpai ishlatkan Gapbilan Tushuntirib qoya qole Degan Maqsadda soragan edim 😁