“Asl intellekt” kitoblar turkumi – aqlingiz, fikringiz va mustaqilligingiz uchun
Bugun sun’iy intellekt hayotimizning barcha jabhalariga shiddat bilan kirib bormoqda. U matn yozadi, tahlil qiladi, rasm chizadi, hatto murakkab qarorlar qabul qilishda koʻmaklashadi. Ammo bu qulaylikning badali ham bor ko‘rinadi: agar barcha aqliy mehnatni texnologiyaga topshirib qoʻysak, insonning oʻz tabiiy, asl intellekti zaiflashib, dangasalashib borishi mumkin.
Asl aql, tafakkur quvvati insonning bosh qo‘rg‘onidir. Shu bois sizga “Asl intellekt” turkum kitoblarni taqdim qilmoqchimiz.

Nega aynan “Asl intellekt”?
Ushbu turkumda chop etilajak kitoblardan ko‘zlangan bosh maqsad – tanqidiy fikrlash, mantiqiy asoslash va xulosalash, mustaqil mulohaza yuritish koʻnikmalarini parvarishlash, charxlash hamda rivojlantirishdir.
Turkum doirasida talabalar va keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan, tushunarli va sara asarlar quyidagi yoʻnalishlarda nashr etiladi:

Amaliy mantiq
Tanqidiy fikrlash
Ijodiy va tizimli fikrlash

Turkum doirasida chop etilishi rejalangan ilk kitoblar qaysilar?
“Asl intellekt” turkumini o‘qish, o‘rganish, fikrlash madaniyatini shakllantirishda poydevor boʻla oladigan uchta muhim asar bilan boshlashga qaror qildik:

Sergey Povarnin. “Kitobni qanday oʻqish kerak?” Mutolaa faqat sahifalarni koʻzdan kechirish, nechta kitob o‘qish masalasi emas, balki chuqur mulohaza, tasavvur va tahlil jarayonidir. Ushbu kitob matnni toʻgʻri tahlil qilish, undagi bosh gʻoyalarni uqish va axborotni samarli oʻzlashtirishni o‘rgatadi.

Anthony Weston. “Argument: asoslash va bahs mahorati” (A Rulebook for Arguments). Ushbu kitob fikrni mantiqan asoslash, dalillarni saralash, chalgʻituvchi mantiqiy xatolardan saqlanish, konstruktiv bahs yuritish madaniyatini oʻrgatuvchi amaliy qoʻllanmadir.

Donella Meadows. “Tizimlar mantig’i: murakkab jarayon va muammolarni anglash” (Thinking in Systems) Muallif tizimlar va tizimli fikrlash mohiyatini sodda va hayotiy misollar bilan tushuntiradi, sabab va oqibatlar zanjirini, qayta aloqa halqalarini, yashirin bog‘liqliklarni va kichik o‘zgarishlar katta natijalarga olib boradigan vaziyatlarni ko‘ra olishni o‘rgatadi.

“Asl intellekt” shunchaki kitoblar turkumi emas. Bu o‘z fikriga ega, dalil bilan mulohaza yurita oladigan, teran o‘qiydigan va mustaqil qaror qabul qiladigan insonni tarbiyalashga xizmat qiladigan loyiha.

Bugungi sun’iy intellekt davrida asl ustunlik texnologiyadan foydalanishda emas, balki uni ongli boshqara oladigan kuchli tafakkurni shakllantirishdadir. Mazkur turkum ana shu yo‘lda sizning ishonchli hamrohingiz bo‘lishiga umid qilamiz.

16 comments

Qachon sotuvga chiqadi ?
Қачон сотувга чиқади
Nasib qilsa, sentabrdan boshlab birin-ketin sotuvga chiqadi.
Thinking:Fast and Slow kitobini ham tarjima qilingizlar.
Qanday buyurtma qilsak bo'ladi va barcha kitob do'konlaridan topa olamizmi ?
Bobur Xonturayev
Bu tarjima qilingan
Qaysi nashriyotda bor hali chiqmadi
Bu xushxabarni oʻqib odamni kayfiyati koʻtarildi
Ассалому алейкум, сотувга чиқдими?
Assalamu alaykum!
Bu kitob qachondan va qayerdan sotib olsak bo'ladi?
Bugun 8-sentabr Kitobni qanday oʻqish kerak kitobi sotuvga chiqdimi?
Sentabrda chiqadi degandilar.
Men ham sotib olaman
𝑴𝒓. 𝑨𝒍𝒂𝒏
Bugun 8-sentabr Kitobni qanday oʻqish kerak kitobi sotuvga chiqdimi? Sentabrda chiqadi degandilar.
Kitoblar Turkiyada bosilgani uchun bizga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra biroz kechikmoqda. Do’konlarga chiqqan zahoti qayerdan sotib olish haqida xabar beramiz.
shu kitoblarni chiqishini rosa KUTIB TURIBMAN ayniqsa Donella Meadows
nikini, telegram kanalni kuzatib boraman chiqqan zahoti xabar bersangiz.