2011-yil. Yaponiyada katta zilzila bo‘ldi.
O‘sha paytda men Yaponiyada edim. Vaziyat juda notinch edi. Shuning uchun ota-onamni tinchlantirish uchun vaqtincha O‘zbekistonga qaytdim.
Lekin vatanda o‘tgan uch hafta menga g‘alati tuyuldi.
Go‘yoki vaqt to‘xtab qolgandek edi. Uch hafta — xuddi bir yilga tengdek sezildi.
Bir kuni ertalab uyg‘onib, ota-onamga shunday dedim:
“Yaponiyada vaziyat hali ham to‘liq tinch emas. Lekin men yana Yaponiyaga qaytmoqchiman.”
Men hali 19 yoshga ham to‘lmagan edim.
Ota-onam bir oz jim turishdi. Keyin onam menga juda muhim gap aytdi:
“Sen endi katta bo‘lding. Hayotingni o‘zing tanla.”
Ular qarorni menga topshirishdi.
Men bir soniya ham ikkilanmadim.
Uch nafar do‘stim bilan yana Yaponiyaga yo‘l oldik.
Ichimizda qo‘rquv bor edi. Noaniqlik bor edi.
Kelajak qanday bo‘lishini hech kim bilmas edi.
Narita aeroportiga kelganimizda darhol bir narsani sezdim.
Hamma joy juda jim edi.
Hech kim kulmaydi.
Odamlarning yuzida xavotir.
Narita’dan Shinagawa tomon poyezdga chiqdik.
Poyezd ichida ham sukunat.
Hech kim gapirmaydi.
Bir necha bekatdan keyin taxminan 60 yoshlar atrofidagi bir yapon kishi yonimizga yaqinlashdi.
“Qayerdansizlar?” deb so‘radi.
Biz biroz hayron bo‘lib:
“O‘zbekistondan,” deb javob berdik.
Shunda u kishi birdan tabassum qildi va shunday dedi:
“Uzbekistan kelajagi buyuk davlat!”
Bu Islom Karimovning mashhur so‘zlari edi.
“O‘zbekistonning kelajagi buyuk davlat bo‘ladi.”
O‘sha paytda bu gap mening yuragimga juda chuqur kirib bordi.
Keyin u kishi bir necha yil oldin O‘zbekistonga borib, u yerda ma’ruzalar o‘qiganini aytdi.
Bir necha daqiqalik suhbat edi.
Lekin u menga juda katta kuch berdi.
O‘sha paytda ichimda bir fikr paydo bo‘ldi:
Hayot — qo‘rquvdan qochish emas.
Hayot — qaror qilish.
Va men o‘zimga shunday dedim:
“Endi ortga yo'l yo‘q. Yaponiyada bor kuchim bilan harakat qilaman!”
Ba’zida inson hayotini katta voqealar emas,
oddiy bir suhbat o‘zgartirib yuboradi.
🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook