#Farzandimga:

Qulog‘ingdan ketmasin sira,
Bir o‘tinchim, birgina nolam.
Meni rozi qilayin desang,
El haqqini yemagin, bolam.
Bir chaqaga muhtoj bo‘lsang ham,
Mashaqqatda kun kechirsang ham,
El ustida otda yursang ham,
El haqqini yemagin, bolam.
Do‘zax yo‘li bekilsin, desang,
Gunohlarim to‘kilsin, desang,
Buxoriylar tug‘ilsin, desang,
El haqqini yemagin, bolam.
Ko‘ngil ko‘pga xaridor ekan,
Balolarga giriftor ekan,
Robbim rizqdan qarzdor ekan,
El haqqini yemagin, bolam.
Yaqinlatma aslo shaytonni,
Topsang hamki behisob konni,
So‘rog‘i bor, hatto, bir donni
El haqqini yemagin, bolam.
Nafsing ila tuza ko‘rma sulh,
Shukr qilish- eng chiroyli xulq.
Olgan emas, bergan qo‘l ulug‘,
El haqqini yemagin, bolam.
Nafs o‘rgimchak- to‘rga o‘raydi,
Kim ilinsa, chohga qulaydi.
Kishi haqqi qo‘yib qo‘ymaydi,
El haqqini yemagin, bolam.
Sirotlarda toymas oyog‘ing,
Oson o‘tar hisob- so‘rog‘ing.
Og‘ir kelsin ajru savobing
El haqqini yemagin, bolam.
Duo qilsang, elga so‘ragin
Ne so‘rasang, birga so‘ragin.
Haqqingnimas, xalqni o‘ylagin,
El haqqini yemagin, bolam.
Ochko‘zlarga tuproq to‘lgaydur,
Qorin nimta nonga to‘ygaydur,
Halol odam aziz bo‘lgaydur,
El haqqini yemagin, bolam.
Robbim senga qanoat bersin,
Payg‘ambarlar shafoat bersin,
Ikki dunyo saodat bersin,
El haqqini yemagin, bolam.

3 comments

Azizaxon Nasriddinova
ماساءللة
Гап болиши мумкинмас зорр👍👍
GULSHOD BEKCHANOVA
Juda ajoyib zo‘r