2013-yillar edi. Suratda men va konbinida birga ishlagan do‘stim Nihei. Dam olish kunlarining birida Tokyo yaqinidagi Enoshimaga cho‘milishga borganmiz.
Nihei kunduzi kompaniyada ishlardi. Ularning kompaniyasi uy va ofislar kirishidagi matlarni muntazam almashtirib, tozalab turadigan xizmat ko‘rsatardi. Kechasi esa men bilan konbinida tungi smenada ishlardi.
Shunchalik mehnatkash yaponni kam ko‘rganman.
O‘sha paytda u men bilan deyarli tengdosh edi. Lekin allaqachon uylangan, ikki farzandi bor edi. Haftasiga 5 kun kunduzi, yana 3 kecha tungi smenada ishlardi.
Men esa universitetning 2-kurs talabasi edim. Moliyaviy sharoitim yaxshi bo‘lmagani uchun tunda ishlashga majbur edim. 1–2-kursda darslar juda ko‘p, hatto shanba kunlari ham dars bo‘lardi.
Kechasi — ish.Kunduzi — universitet.Yana kechasi — ish.Ba’zan oddiygina kechasi uxlash ham men uchun uzoqdagi orzudek tuyulardi.
Bugun o‘sha kunlarni eslab, bir narsaga shukr qilaman:
kechasi bemalol uxlash imkoniyatim bor.Men Yaponiyada 6 yil talaba bo‘ldim. Bu 6 yil davomida qiyinchiliklar ham, charchoq ham, pul yetishmagan kunlar ham ko‘p bo‘lgan.
Lekin bugun ularning birortasidan afsuslanmayman.
Chunki o‘sha davr menga faqat diplom bermadi.
Sabr qilishni, mehnat qilishni, pulning qadrini va eng muhimi — qiyinchilik oldida taslim bo‘lmaslikni o‘rgatdi.Agar siz hozir 18–25 yoshda bo‘lsangiz, o‘qish, ish, kelajak tashvishi orasida charchab yurgan bo‘lsangiz, bugungi hayotingiz abadiy shunday davom etadi deb o‘ylamang.
Qiyin davrlar o‘tadi.Bugun sizga oddiy tuyulgan mehnatingiz, intizomingiz va sabringiz bir necha yildan keyin katta ustunlikka aylanadi.
Men ham o‘sha paytda kelajakda hayotim qanday bo‘lishini bilmasdim. Faqat oldimdagi to’siqdan oshib o’tish uchun harakat qilardim.
Shuning uchun bugun qiynalayotgan sizga aytadigan gapim bitta:
Hali oldinda juda ko‘p yaxshi kunlaringiz bor.Bugungi qiyinchiliklaringiz — butun hayot davom etmaydi. Hali hammasi oldinda. Agar qiynalmasdan mazza qilib har kuni 10 soatlar uxlayotgan bo’lsangiz kelajagingiz qanday bo’ladi
bilmadim lekin 😂🚀Telegram📷 Instagram 🔵Facebook